Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan ta'limning ilg'or usullarini tatbiq etish yutuqlari va natijalarini muhokama qilish uchun maydon yaratish, tajriba almashish va zamonaviy tahdidlarni hisobga olgan holda huquqni muhofaza qiluvchi soha mutaxassislarini o'qish jarayonini yanada takomillashtirish bo'yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida Akademiyaning tashkil etilganligining 2 yilligi munosabati bilan bir qator tadbirlar o'tkazildi.
Xususan, joriy yilning may oyida o'tkazilgan tadbirlar doirasida, “Yuridik fan va huquqni qo'llash amaliyotining dolzarb muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy videokonferensiya, sud va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida Ilmiy-tadqiqot konsortsiumining yig'ilishi, “Ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovida ishtirok etishning dolzarb vazifalari, imkoniyatlar va istiqbolli yo'nalishlar” mavzusidagi amaliy videokonferentsiya, “Yosh olimlar minbari” shaklidagi respublika ilmiy-amaliy konferentsiyalar tashkil etildi.
Turkum tadbirlar “Huquqni muhofaza qilish sohasidagi ta'lim salohiyatini oshirish: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o'tkazish bilan yakunlandi. Uning ishida ilm-fan va ta'lim sohasidagi 170 dan ziyod xorijiy va milliy ekspertlar, shuningdek 24 davlat va 10 xalqaro tashkilot, jumladan BMT agentliklari, Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish Yevrosiyo guruhi kotibiyati, Xalqaro antikorrupsiya akademiyasi, Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha xalqaro tarmoq instituti, Moliyaviy monitoring bo'yicha xalqaro o'quv-metodik markazining xalqaro departamenti amaliyotchilari ishtirok etishdi.
2020 yil 29 may kuni Bosh prokuratura Akademiyasi Kengashining turkum tadbirlar natijalari muhokamasiga bag'ishlangan navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.
Majlis kun tartibiga Akademiya tashkil etilganligining 2 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan turkum tadbirlar yakuni natijalari muhokamasidan tashqari, Akademiyaning ta'lim va ilmiy-tadqiqot sohalaridagi joriy faoliyatining dolzarb masalalari, oxirgi ikki yil davomida erishilgan natijalar hamda faoliyatni yanada takomillashtirish bo'yicha ustuvor vazifalar kiritildi.
Majlis davomida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan Akademiya xodimlarini quyi prokuraturalarda o'tagan ish o'rganish yakunlari bo'yicha hisoboti eshitildi.
Bundan tashqari, Akademiya doktorant va mustaqil izlanuvchilari ilmiy-tadqiqot faoliyatining samaradorligi monitoringi natijalari hamda mustaqil izlanuvchilikka qabul qilish bo'yicha o'tkazilgan suhbat natijalari, ularning dissertatsiya mavzulari va ilmiy rahbarlari tasdiqlandi.
Alohida e'tibor, koronavirus pandemiyasi sharoitida Akademiya magistraturasida joriy va yakuniy nazoratni hamda yakuniy davlat attestatsiyasini o'tkazish masalalariga qaratildi.
Majlisda Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan tayyorlangan darsliklar, o'quv-uslubiy qo'llanmalar va boshqa maxsus adabiyotlar nashrga tavsiya etildi.