O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasi: birinchi yil sarhisobi va rivojlanish istiqbollari

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasi: birinchi yil sarhisobi va rivojlanish istiqbollari

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga 2020/2021 o'quv yili uchun nomzodlar qabuli boshlab yuborildi (hujjatlarni onlayn tarzda taqdim etish https://new.proacademy.uz/uz-lat/login havolasi orqali amalga oshiriladi).

Akademiya magistraturasiga nomzodlarni qabul qilish teng huquqlilik, qabul va tanlovning yagona qoidalari, shuningdek ochiqlik va shaffoflik asosida, sub'ektivizm va inson omili asossiz ta'sirining har qanday ko'rinishlarini istisno qilgan holda amalga oshiriladi.

Imtihon jarayonlari davlat organlari, oliy ta'lim muassasalari, shuningdek, “Buyuk kelajak” XNNT, “Yuksalish” umummilliy harakati, Yoshlar ittifoqi kabi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining xolis kuzatuvi ostida o'tkaziladi. Butun imtihon jarayoni OAV va Akademiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali keng jamoatchilikka yoritib boriladi.

Telegram: https://t.me/ProsecutorAcademy
Facebook: www.facebook.com/ProsecutorAcademy
Instagram: www.instagram.com/proacademyuz/
Twitter: www.twitter.com/ProAcademyUz

Magistraturaga tanlov “Yurisprudensiya” mutaxassisligi bo'yicha oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan shaxslar (shu jumladan prokuratura organlari va amaldagi kadrlar zaxirasidagi xodimlar) orasida o'tkaziladi. Shuningdek, boshqa ta'lim yo'nalishlari bo'yicha oliy ma'lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo'lgan prokuratura organlari xodimlari tanlovda ishtirok etishi mumkinligi ko'zda tutilgan.

Akademiya magistraturasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish”, “Prokurorlik faoliyati” va “Tergov faoliyati” yo'nalishlari bo'yicha 30 ta, shu jumladan davlat granti bo'yicha – 18 ta va to'lov kontrakti asosida – 12 ta qabul kvotasi tasdiqlangan bo'lib, ulardan:

– prokuratura organlari xodimlari uchun kvota – 15 ta (har bir yo'nalish bo'yicha 5 tadan);

– ochiq tanlov bo'yicha kvota – 15 ta, shu jumladan davlat granti asosida 3 ta (har bir yo'nalishda 1 tadan) va to'lov kontrakti asosida 12 ta.

O'qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarining egallab turgan lavozimi va o'rtacha oylik ish haqi o'qish davri mobaynida saqlab qolinsa, ochiq tanlov asosida qabul qilingan nomzodlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorda har oylik stipendiya to'lanadi.

Akademiya magistraturasiga kirish imtihonlarini tashkil etish va o'tkazish jarayonlari innovatsion yondashuv hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Xususan, nomzodlar tomonidan imtihon savollarini o'z ichiga olgan imtihon biletlari tanlovi biletlar raqamini avtomatik generatsiya qiluvchi Akademiya tomonidan maxsus ishlab chiqilgan dastur orqali amalga oshiriladi. Nomzodlarga individual identifikatsiya raqamlari beriladi, imtihon natijalari esa to'liq shifrlanadi.

Magistraturaga o'qishga qabul qilish jarayonini yuqori tashkiliy saviyada o'tkazish, adolatli tanlov, xolislik va oshkoralikni ta'minlash maqsadida Bosh prokuror buyrug'iga asosan Akademiya va prokuratura organlari xodimlari, yuqori nufuzga ega bo'lgan huquqshunos olimlar va sud-huquq sohasi vakillaridan tashkil topgan komissiya va ekspert guruhlari tashkil etiladi.

Zarur hujjatlar, imtihonlar o'tkazish shakli, baholash mezonlari hamda nomzodlarga qo'yilgan talablar haqidagi ma'lumotlar Akademiyaning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy 
tarmoqlarida joylashtirib boriladi.

Barcha nomzodlarga munosib tayyorgarlik ko'rishlari uchun teng imkoniyatlarni yaratish hamda turli xil korruptsiyaviy omillarni cheklash maqsadida imtihon savollari (topshiriqlari) oldindan Akademiyaning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Kirish imtihonlarini tashkil etish va o'tkazishda nomzodlar bilimini to'liq va xolisona baholashni ta'minlash, natijada eng munosib va iqtidorli tinglovchilarni tanlab olishga ustuvor ahamiyat beriladi. Kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbatdan iborat bo'lib, bunda nomzodning bilim va ko'nikmalari darajasi uning yozma va og'zaki nutq ko'nikmalari asosida baholanadi.

Yozma imtihon huquqiy mavzuda esse va chet tili bo'yicha test savollaridan iborat bo'ladi. Chet tili bo'yicha tegishli sertifikatga ega bo'lgan nomzodlarga ushbu imtihon turi bo'yicha eng yuqori ball berilib, imtihon topshirishdan ozod qilinadi.

Mutaxassislik fanlari bo'yicha yozma imtihon biletlari huquqshunoslik fanlari (fuqarolik, jinoyat, jinoyat-protsessual, mehnat huquqi va boshqalar) bo'yicha esse mavzularidan iborat bo'ladi.

Shu bilan birga, nomzodga taklif etilgan savollar orasidan o'ziga eng yaqin bo'lgan mavzuni tanlash imkoniyati beriladi, bu esa ularning qobiliyati va bilimlarini yanada yuqori darajada ochib berishga yordam beradi.

Mutaxassislik bo'yicha yozma imtihondan muvaffaqqiyatli o'tgan nomzodlar kirish imtihonlarining keyingi bosqichi – suhbatga kiritiladilar.

Suhbat jarayoni, yozma imtihon kabi onlayn tarzda translyatsiya qilinadi.

Chet tili, yozma imtihon va suhbat natijalariga ko'ra eng yuqori ball to'plagan nomzodlar Akademiya magistraturasi tinglovchilari safiga qabul qilinadi.

Bugungi kunda Akademiyada yangicha fikrlaydigan, zamonaviy bilim va amaliy ko'nikmalarni puxta egallagan hamda chuqur tahliliy qobiliyatga ega bo'lgan yosh avlod kadrlarini tayyorlashga qaratilgan zarur ilmiy-ma'rifiy salohiyat shakllantirilgan.

Magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlarni tayyorlashga qaratilgan ta'lim jarayoni ulkan professional tajribaga ega bo'lgan Akademiyaning professor-o'qituvchilari tarkibi hamda ilg'or milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlardan iborat ekspertlar jamoasi tomonidan ilg'or innovatsion dasturlarga asosan nazariyaning amaliyot bilan uyg'unligini ta'minlagan holda olib borilmoqda.

Akademiyadagi o'quv jarayonining muhim jihati shundaki, xorijiy mamlakatlarning davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarida turli, shu jumladan rahbarlik lavozimlarda faoliyat yuritgan, o'z sohasining tan olingan yetuk mutaxassislari bo'lgan katta amaliy tajribaga ega xalqaro ekspertlar o'quv mashg'ulotlariga uzoq muddatga jalb etib boriladi.

Masalan, bugungi kunda Akademiyaning xalqaro hamkorlari ko'magida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” mutaxassisligi bo'yicha o'quv dasturlari Avstriyaning Vena shahridagi Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish akademiyasini ko'p yillar mobaynida boshqargan Martin Kroytner va Sloveniyaning korrupsiyaga qarshi komissiyasi rahbari sifatida xizmat qilgan Goran Klemenchich kabi jahon miqyosidagi ekspertlar tomonidan ilg'or xalqaro standartlar asosida takomillashtirilmoqda.

O'quv yili davomida yuridik ingliz tili moduli bo'yicha yuridik hujjatlarni tuzish, yozma va og'zaki nutq qobiliyatini shakllantirishga alohida e'tibor qaratiladi. Shu bilan birga, bu jarayonga til sohiblari bo'lgan – AQShning Vashington universiteti professori Patrissiya Makloflin va AQShning Vittenberg universiteti bitiruvchisi Medison Krstich jalb etildi. Mazkur amaliyotni yangi o'quv yilida ham davom ettirish rejalashtirilgan.

Akademiyaning sud jarayoni, tergov-kriminalistika va tezkor qidiruv jarayonlarini imitatsiya qiluvchi maxsus jihozlangan o'quv xonalarida o'tkaziladigan amaliy o'quv mashg'ulotlari tinglovchilar tomonidan o'zlashtirilgan nazariy bilimlarni qo'llash hamda zarur ko'nikma va malakalarni shakllantirishga yordam beradi va shunday qilib, amaliyotga yo'naltirilgan learning by doing usuli samaradorligini namoyish etadi.

Akademiya tinglovchilari Bosh prokuratura va hududiy prokuraturalar organlari, xususan sektorlar faoliyati bilan yaqindan tanishish, murojaatlarni ko'rib chiqishda ishtirok etish va fuqarolarni bevosita qabul qilish, voqea joylariga chiqish, tergov-protsessual hujjatlarni rasmiylashtirishda qatnashish, kriminalistika taktikasi va texnikasini o'zlashtirish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Shuningdek, talabalar uchun dala o'quv mashg'ulotlari tashkil etilib, ularning ko'lamini kengaytirish yangi o'quv yilida o'quv jarayonini tashkil etishning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.

Akademiyada xorijiy davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, milliy va xalqaro tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda ma'ruza va o'quv-amaliy mashg'ulotlarning tashkil etilishi, ilg'or milliy va xorijiy ekspertlar tomonidan mashg'ulotlarning o'tkazilishi tinglovchilarning bilimi va dunyoqarashini kengaytirish orqali hozirgi zamon talablariga javob beradigan yangi kadrlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Akademiyada tinglovchilarning tanqidiy fikrlash, mas'uliyat, intizomga rioya qilish, yetakchilik, muloqotga kirishuvchanlik kabi shaxsiy sifatlari va ko'nikmalarini rivojlantirish maqsadida psixologlarni jalb etgan xolda maxsus mashg'ulotlar tashkil etiladi.

Akademiya akademik mobillik dasturlarini faol amalga oshirmoqda.

Masalan, ilgari erishilgan kelishuvlar doirasida Akademiya magistraturasi tinglovchisi Shvetsiyaning Lund universitetida ikkinchi semestrida tahsil oldi. Yangi 2020/2021 o'quv yilida esa akademik mobillikni kengaytirish ko'zda tutilgan, xususan, Akademiya magistraturasi tinglovchilarining ikki nafarini Lund universitetida tahsil olishi bo'yicha kelishuvga erishildi.

Akademiya ko'magida magistratura tinglovchilari muntazam ravishda, jumladan, ma'ruzachi sifatida, Avstriya, Pol`sha, Shvetsiya, Qozog'iston, Qirg'iziston va boshqa mamlakatlarda o'tkazilgan turli xalqaro konferensiyalar, forumlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etdilar va bu orqali katta tajriba orttirdilar.

Shuningdek, magistratura tinglovchilari muhim tadbirlarni o'tkazish bo'yicha tashabbus bildirib keldilar.

Shu bilan bir qatorda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan ta'sis etilgan grant tanlovida Akademiya tinglovchilari va xodimlari orasidan tarkib topgan ijodiy jamoa g'olib deb topilib, ularni yakuniga ko'ra korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha ikkita loyihani amalga oshirishga erishildi.

Magistratura tinglovchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati eng ustuvor yo'nalishlardan biri bo'lib, o'quv yili davomida diqqat markazida bo'lib kelmoqda.

Akademiya professor-o'qituvchilari tinglovchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchi sifatida hamrohlik qilsa, Bosh prokuraturaning xodimlari amaliyotdan maslahatchi sifatida ularga amaldagi qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirish bo'yicha aniq takliflar tayyorlashga, magistrlik ishining prokuratura organlari amaliy faoliyati bilan uzviy bog'liqligini ta'minlashga yaqindan ko'mak beradilar.

Akademiyada huquq-tartibot va boshqa davlat idoralarida xizmat qilishni tanlagan iqtidorli va ijodkor huquqshunoslar uchun yuqori natijalarga erishish va kasbiy o'sishda zarur bo'lgan chuqur bilim va kasbiy ko'nikmalarni egallashi uchun keng imkoniyatlar va ilmiy-ma'rifiy muhit yaratilgan.

Shunday qilib, agar siz qonunga xizmat qilish yo'lida ta'lim berish va o'qitish maqsadi bo'lgan yetakchi mutaxassislar orasida bo'lishni istasangiz, unda bu ilm dargohi siz uchun.

Sizlarni Bosh prokuratura Akademiyasida kutib qolamiz.