O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi «O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi PF–6013-sonli Farmoni ijrosi doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan xalqaro hamkorlar ko'magida «O'zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarni takomillashtirish» mavzusidagi turkum tadbirlar o'tkazilmoqda.
2020 yil 7 iyul kuni «Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangi organ: oldini olish va nazoratning amaliy modeli» mavzusida xalqaro onlayn davra suhbati o'tkazildi. Tadbirda Bosh prokuratura rahbariyati va xodimlari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Latviya, Serbiya, Sloveniya, Ruminiya, Frantsiya, Ukraina davlatlaridan xorijiy ekspertlar, shuningdek milliy ekspertlar ishtirok etdilar.
Davra suhbati ishtirokchilariga yangi tashkil etilgan Agentlikning maqsadlari, vazifalari va faoliyatining asosiy yo'nalishlari to'g'risida ma'lumot berildi.
Xorijiy ekspertlar korrupsiyaga qarshi kurashish mustaqil organlarining tashkil etilishi va ularning faoliyat yuritishi, korruptsiyaga qarshi kurashish strategiyalarini ishlab chiqish, vazirlik va idoralarning korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, mazkur masalalarda davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektorining boshqa vakillari o'rtasida samarali hamkorlikni tashkil etish borasidagi xorijiy tajriba haqida ma'lumot berishdi.
O'zaro tajriba almashish chog'ida ekspertlar tomnidan Agentlikning tashkil etilishi mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi sifat bosqich boshlanganligi ta'kidlandi.
Shunga ko'ra, korrupsiyaga qarshi kurash sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, bu borada mavjud ilg'or xorijiy tajribani joriy etish, korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning nazariy va amaliy masalalarini hamda xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda maxsus o'quv dasturlarini joriy etish muhim hisoblanadi.