Joriy yilning 29 iyul kuni Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, O'zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo'yicha Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda Odam savdosiga qarshi kurashish umumjahon kuniga bag'ishlab, “COVID-19 pandemiyasi sharoitida Odam savdosiga qarshi kurashish” mavzusida onlayn xalqaro davra suhbati o'tkazildi.
Ushbu tadbirda, 50 dan ortiq davlat idoralari va nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek xalqaro va xorijiy tashkilotlarning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha soha mutaxassislari va ekspertlari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari odam savdosiga qarshi kurashish masalasi O'zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko'tarilganini hamda davlat organlarining yuqori darajadagi vakillarining ishtiroki davlatining bu mavzuga katta ahamiyat berilayotganini ta'kidlab o'tdilar.
Bugungi anjumanda, COVID-19 pandemiyasining natijalarini va odam savdosining yangi turlarini paydo bo'lishini o'rganish, O'zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa tegishli muassasa xodimlari uchun mo'ljallangan odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi o'quv dasturlarini yanada takomillashtirish bo'yicha olib borilgan tadqiqotning ilk natijalari va tavsiyalari, bola savdosiga qarshi kurashish, odam savdosidan jabr ko'rganlarga milliy darajada reabilitatsiya xizmatlarini ko'rsatishni tashkil etish, O'zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan odam savdosidan jabrlanganlarga amaliy yordam ko'rsatish mavzulari, shuningdek ushbu jinoyatlarni oldini olish va unga qarshi kurash bo'yicha milliy sa'y-harakat va bu borada o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari qizg'in muhokama qilindi.
Davra suhbati natijalariga ko'ra, odam savdosiga qarshi kurashish sohasida erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar, bu borada davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasida o'zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari belgilab olindi.