9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kunini nishonlash bilan bog'liq tadbirlar dasturi doirasida Bosh prokuratura Akademiyasida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi ko'magida yuridik sohadagi oliy o'quv yurtlari magistratura tinglovchilari o'rtasida BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi ishtirokchi davlatlari konferensiyasi modeli ko'rinishida “BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasini amalga oshirish mexanizmi: ikkinchi bosqich tahlili” mavzusidagi tadbir bo'lib o'tdi.
Ushbu tadbir korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi va amaliyotini, korrupsiyaga qarshi diplomatiya va korrupsiyaga toqatsizlik madaniyatini rivojlantirish sohasidagi xalqaro standartlarni targ'ib qilish bo'yicha bilim, ko'nikma va malakalarni rivojlantirishga qaratilgan.
Konferensiyada korrupsiyaga qarshi Konvensiyaning II bobi qoidalari, ularning milliy qonunchilikka tatbiq etilishi, shuningdek, bir nechta xorijiy davlatlarning tajribasi tahlil va muhokama qilindi.
Konferensiyada Bosh prokuratura Akademiyasi, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, shuningdek Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura tinglovchilari ishtirok etdi.
Ushbu tadbirga BMTning Vena shahridagi Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar departamenti xodimi V.Kozin, shu boshqarma eksperti V.Nesterovayte mustaqil ekspertlar sifatida jalb qilinganlar.
Konferensiya ikki bosqichdan iborat bo'lib, raqobat ruhida o'tkazildi, shu sababli xolislikni ta'minlash maqsadida ikkala bosqich vazifalari ishtirokchilar o'rtasida tasodifiy tanlovni amalga oshiruvchi maxsus elektron dasturdan foydalangan holda amalga oshirildi.
Birinchi bosqichda delegatlar O'zbekiston Respublikasi tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasining II bobi 5, 7, 8, 9, 10-moddalari ijrosi ahvoli yuzasidan taqdimot qildilar.
Tadbirning ikkinchi bosqichida ishtirokchilar xorijiy davlatlar (Avstraliya, Belgiya, Germaniya, Sloveniya, Frantsiya) ning shartli vakillari sifatida qatnashib, mazkur davlatlarda BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasining II bobi ijrosi ta'minlanishi ahvoli yuzasidan taqdimotlar bilan chiqdilar.
Ishtirokchilarning chiqishlari yakunida natijalar sarhisob qilindi va jamoalarning har biri baholandi.
Ishtirokchilar Konvensiyaning maqsadlari va vazifalari to'g'risida umumiy xabardorlikni oshirish, uning bajarilishi yuzasidan hisobotlarni tayyorlash, hisobot berish bo'yicha amaliy ko'nikma va malakalarni rivojlantirish uchun shunga o'xshash akademik loyihalar muhimligini ta'kidladilar.