Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashning dolzarb muammolari va bu sohada huquqbuzarliklarning profilaktikasi mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashning dolzarb muammolari va bu sohada huquqbuzarliklarning profilaktikasi mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 3-4 mart kunlari Bosh prokuratura Akademiyasi va IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashning dolzarb muammolari va bu sohada huquqbuzarliklarning profilaktikasi mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashda Yaponiya tajribasi bilan yaqindan tanishish, bu sohada O‘zbekistondagi mavjud muammolarning yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magida ushbu faoliyatimizni yaxshilashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirishga oid istiqbolli masalalarni muhokama qilish hisoblanadi.

Konferensiya 2 kun davom etib, birinchi kuni tomonlar yo‘l harakati xavfsizligiga oid umumiy masalalar yuzasidan fikr almashgan bo‘lsalar, ikkinchi kuni 3 ta sessiya doirasida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha ta'lim, yo‘l harakati xavfsizligiga oid qonunlar ijrosini ta'minlash hamda yo‘l muhandisligiga oid mavzularda amaliy muhokamalar tarzida davom etdi.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, har yili qariyb 1,4 millionga yaqin odam yo‘l transport hodisalari qurboniga aylanadi. O‘zbekistonda birgina 2020 yilda mamlakatimizda 7 mingga yaqin yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan bo‘lib, ularda 1 600 dan ortiq odam vafot etgan.

O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash borasida ijobiy ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lishiga qaramasdan, joriy holat ushbu sohadagi ishimizni takomillashtirish, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va uni joriy etish zarurligini ko‘rsatadi. Masalan, Yaponiyada yo‘l-transport hodisalari statistikasi va uning oqibatida halok bo‘lganlar soni kamayib bormoqda.

Shuni alohida qayd etish joizki, mamlakatda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashda prokuratura organlari va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi o‘rtasida ham xalqaro hamkorlik aloqalari so‘nggi yillarda tobora rivojlanib bormoqda.

Masalan, bir guruh xodimlar Yaponiyada “Yo‘l harakati xavfsizligi” mavzusida tashkil etilgan o‘quv kursida muvaffaqiyatli ishtirok etdi, o‘tgan davr mobaynida o‘ndan ortiq xodimlar turli masalalar – jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, odil sudlov va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv kurslarida va Nagoya universiteti magistraturasida tahsil oldi.

Shu bilan birga, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining mini grant loyihalari tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, grant doirasida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga undovchi qisqa metrajli videorolik tayyorlandi. Mazkur rolik mana bir necha yildirki barcha markaziy telekanallar orqali namoyish etib borilmoqda, internetda esa nisbatan dunyoning turli burchaklaridan hanuzgacha juda ko‘p ijobiy sharhlar kelib tushmoqda.

Bosh prokuratura Akademiyasida jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o‘rganish markazi faoliyat yuritib, ushbu markaz tomonidan umumiy jinoyatchilik, shu jumladan yo‘l harakati sohasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlar tahlili o‘tkaziladi. Ushbu markaz faoliyatiga shu jumladan yaponiyalik hamkorlarimiz jalb qilingan.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura Akademiyasi negizida ilmiy jamoa tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining “Xavfsiz yo‘l dasturiy ta'minotini ishlab chiqish” mavzusidagi loyihasi doirasida avtotransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani olish jarayonini takomillashtirish, huquqbuzarlik holatlarini videoregistratorlardagi sun'iy intellekt yordamida qayd etish va ularga nisbatan chora ko‘rish hamda boshqa bir qator yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borilmoqda. Ilmiy jamoa bu borada Ichki ishlar vazirligining yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan yaqindan ishlamoqda.

Ushbu konferensiyada yaponiyalik hamkorlarimiz O‘zbekiston uchun “Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash” mavzusida alohida loyihani ishlab chiqish va uni beg‘araz asosda amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishlarini ma'lum qildilar.

Shu bilan birga, konferensiyaga ushbu sohada tadqiqot ishlarini olib borayotgan olimlar, tadqiqotchi va amaliyotchi xodimlar ham keng jalb qilinib, ular tomonidan yuborilgan ilmiy maqolalar konferensiya materiallari bilan birgalikda to‘plam sifatida chop etildi. To‘plamda mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga oid keng jamoatchilikdan kelib tushgan takliflar ham o‘rin oldi.

Umid qilamizki, mazkur konferensiya Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan kelgusidagi keng ko‘lamli hamkorligimiz uchun samarali poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Yaponiyalik do‘stlarimizning bilim va tajribasini inobatga olgan holda, hech shubhasiz, O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi sohasi yanada yaxshilanishiga ishonamiz.