“Zamonaviy yuridik fan va ta'lim: dolzarb muammolar va ularni hal etish yo‘llari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunlari haqida

“Zamonaviy yuridik fan va ta'lim: dolzarb muammolar va ularni hal etish yo‘llari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunlari haqida

2021 yil 27-28 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tashkil etilganligining 3 yilligiga bag‘ishlangan “Zamonaviy yuridik fan va ta'lim: dolzarb muammolar va ularni hal etish yo‘llari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi ta'lim jarayonida innovasion yondashuvlarni muhokama qilish, zamonaviy tahdidlarni inobatga olgan holda huquqni muhofaza qilish sohasi kadrlarini tayyorlash borasida tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek inson huquqlarini ta'minlash sohalarida xalqaro standartlarni implementasiya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. 
Tadbir Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi hamda “Mintaqaviy muloqot” XNNT ko‘magida tashkil etildi.
Anjuman yalpi va tematik sessiyalar shaklida tashkil etilgan bo‘lib, tadbirning birinchi kuni zamonaviy sharoitda ta'lim jarayonini tashkil qilishdagi muammolar, yuridik fan va huquqni qo‘llashning dolzarb muammolari, tergov faoliyatining dolzarb masalalari va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. 
Konferensiyaning ikkinchi kunida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida inson huquqlarini ta'minlash, korrupsiyaga qarshi standartlarni implementasiya etish, shuningdek jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish, terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy aktivlarni qaytarish masalalariga bag‘ishlangan parallel sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
Ikkinchi kun sessiyalarida “Mintaqaviy muloqot” XNNT eksperti G.Ueddl, Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash akademiyasi professori E.Ivanov, Rossiya Federatsiyasi Prokuratura universiteti prokuratura faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i G.Kulikova, Belorusiya Respublikasi Bosh prokuraturasining qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash ilmiy-amaliy markazi direktori yordamchisi A.Karabel'nikova, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi Sankt-Peterburg akademiyasining jinoyat huquqi va kriminologiya kafedrasi dosenti V.Lavrinov, YeOG Kotibiyati ma'sul xodimi D.Vorob'ev, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi Sankt-Peterburg akademiyasining jinoyat prosessi kafedrasi katta o‘qituvchisi.I.Butirseva, BMTning GJQKB maslahatchisi A.Vodyanoy, Belorusiya davlat universiteti sud'yalarni, prokuratura, sud va adliya muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Instituti ilmiy-uslubiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari S.Leshenko, BMTning GJQKBning aktivlarni qaytarish bo‘yicha Afg‘oniston va qo‘shni davlatlar maslahatchisi Dj.Tomas, BMTning Inson huquqlari Oliy Komissari boshqarmasi mutaxassisi Yo.Olxagen, Raul Vallenberg nomidagi Inson huquqlari va gumanitar huquq Instituti Yevropa ofisi direktori Z.Zalanova, Raul Vallenberg nomidagi Inson huquqlari va gumanitar huquq Institutining “Samarali odil sudlov” tematik guruh rahbari Dj.Ounsted, YeHXT/DIIHB Inson huquqlari bo‘yicha Departament boshlig‘i A.Xuber, YeHXT/DIIHB Inson huquqlari bo‘yicha Departament boshlig‘i o‘rinbosari A.Gardner ma'ruza qildilar. 
Konferensiya ishida ilm-fan va ta'lim sohasidagi 500 dan ziyod xorijiy va milliy ekspertlar, shuningdek 20 dan ortiq davlat va 10 xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishdi.
Konferensiya natijalariga ko‘ra huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy va ta'lim salohiyatini oshirish, dolzarb soha va yo‘nalishlarda idoralararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar qabul qilindi.
Ma'ruza tezislari va sessiyalar mavzulariga oid ilmiy maqolalar xalqaro konferensiya materiallari to‘plamida chop etiladi.