Akademiya xodimlari Yevropa Kengashi (EK) va Yevropa Ittifoqining (EI) Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shma tashabbusining Mintaqaviy boshqaruv qo‘mitasining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdilar.
Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning hamkor organlari vakillari ishtirok etdilar.
Mazkur dastur inson huquqlarini himoya qilish, iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish va davlat tashkilotlarining samarali faoliyatini ta'minlash sohasidagi islohotlar jarayonini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Bosh prokuratura Akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili, Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiy jinoyatlarlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda dasturning “Shaffoflikni ta'minlash va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashishga ko‘maklashish” komponentini amalga oshirmoqda.
Akademiya ushbu komponent bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib kelayotgani sababli, Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari U.Nigmadjanov tadbirlarning olib borilishi yuzasidan ma'ruza qildi.
Ta'kidlandiki, belgilangan vazifalarga muvofiq, loyiha doirasida xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida tashkil etilgan Agentlikning vazifalari, funksiyalari va vakolatlari tahlil qilinib, buning natijasida ushbu tashkilot faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasi bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Shuningdek, korrupsiya va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha jinoiy va fuqarolik-huquqiy javobgarlik to‘g‘risidagi Yevropa Ittifoqining konvensiyasining mazmun-mohiyatini yoritib berish, Fransiyaning korrupsiyaga qarshi agentligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uning biznes sohasida shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha tajribasini o‘rganishga qaratilgan bir qator muhim tadbirlar tashkil etildi.
Tashkilotchilar yuqoridagi davlatlar hukumati vakillarining Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida umumiy huquqiy makon yaratish bo‘yicha birgalikda ishlashga yuqori darajada jalb qilinganligini, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini ta'kidlab o‘tdilar.