Bosh prokuratura Akademiyasi rahbariyati va xodimlari Rossiya Federatsiyasining Krasnodar
shahrida axborot xavfsizligi sohasida KubanCSC–2021 xalqaro konferentsiyasi ishida ishtirok
etdilar.
Konferentsiyada Birlashgan Arab Amirliklari, Kolumbiya, Tanzaniya, Janubiy Afrika Respublikasi,
Baxreyn, Hindiston, Filippin va boshqa mamlakatlardan axborot xavfsizligi sohasi
mutaxassislari (jami – 25 mamlakat vakillari) qatnashdi.
Tadbirda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, IIV hamda Tergov
qo'mitasi vakillari ma'ruza qildi.
Konferentsiya axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlarning
oldini olish va ularni fosh etish borasidagi ilg'or tajriba va ijobiy amaliyotlarni ko'rib
chiqish, axborot xavfsizligi sohasida xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun
qulay imkoniyat bo'lib xizmat qildi.
Konferentsiya doirasida “Xalqaro axborot xavfsizligi sohasida yangi tahdidlar”, “Jinoiy
maqsadda AKT qo'llashga qarshi kurash: xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzularida yalpi
majlislar, shuningdek “Xalqaro axborot xavfsizligi: strategiyalar, bitimlar va yangi huquqiy
modellar”, “Axborot xavfsizligi: kadrlar salohiyati, ta'lim jarayonidagi yangi amaliyotlar”,
“Axborot xavsizligini ta'minlash sohasida xalqaro hamkorlik” mavzularida panel`
muhokamalari, shuningdek “Axborot xavsizligini ta'minlashning amaliy jihatlari” seminari
bo'lib o'tdi.
Akademiya boshlig'i YE.V.Kolenko AKTdan foydalanib sodir etilgan jinoyatlarning oldini olish,
mazkur sohada axborot almashish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokamasiga
bag'ishlangan “Jinoiy maqsadda AKT qo'llashga qarshi kurash: xalqaro hamkorlik istiqbollari”
yalpi majlisida ma'ruza qildi.
“Axborot xavfsizligi: kadrlar salohiyati, ta'lim jarayonidagi yangi amaliyotlar” sessiyasida
Akademiya xodimlari ma'ruza qilib, axborot xavfsizligi sohasida mutaxassislarni tayyorlash
darajasi va ta'lim sifatini oshirish, ta'lim dasturlarini takomillashtirish, davlat organlari
va biznes tuzilmalarda kadrlar salohiyatini yuksaltirish masalalarida alohida to'xtalib
o'tdilar.
Tadbir doirasida Akademiya rahbariyati hamda xorijiy ekspertlar o'rtasida bo'lib o'tgan
uchrashuvlarda axborot xavfsizligini ta'minlash borasida huquqni muhofaza qilish organlari
xodimlarining malakasini oshirish sohasida Akademiyaning ilmiy-ta'lim salohiyatini yuksaltirish
maqsadida xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida kelishuvlarga erishildi.