Bosh prokuratura Аkademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlarining yakuniy bosqichi

Bosh prokuratura Аkademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlarining yakuniy bosqichi

       2021-yil 20-25 sentyabrь kunlari Bosh prokuratura Аkademiyasida magistraturaga kirish imtihonlarining chet tili boʼyicha test sinovi va huquqiy mavzuda esse bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʼtgan nomzodlar bilan suhbat boʼlib oʼtmoqda.
          Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Аkademiyasi magistraturasiga qabul qilish va oʼqitishni tashkil etish tartibi toʼgʼrisidagi nizomga muvofiq, esse uchun belgilangan maksimal ballning 56 foizi va undan ortiq ball toʼplagan nomzodlar suhbatga kiritildi.
          Kirish imtihonini oʼtkazishda xolislik, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida suhbat boʼyicha komissiya faoliyatiga turli taʼlim muassasalari, jamoat tashkilotlari va boshqa idoralar vakillari kuzatuvchilar va mutaxassislar sifatida jalb etilgan.
        Imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generatsiya qilinib, suhbat oʼtkazish jarayoni kirish imtihonlarining oldingi bosqichlari singari toʼliq videotasvirga olinmoqda va Bosh prokuratura Аkademiyasining Facebookdagi rasmiy sahifasi orqali onlayn tarzda namoyish etilmoqda.
           Suhbat savollari, shuningdek boʼlib oʼtgan kirish imtihonlari natijalari Bosh prokuratura Аkademiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan. 
        Eslatib oʼtamiz, Аkademiyada “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish” va “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisliklari boʼyicha magistr kadrlarni tayyorlash amalga oshirilmoqda.
           Magistraturaga tanlov “Yurisprudensiya” yoʼnalishi boʼyicha oliy yuridik maʼlumotga ega boʼlgan shaxslar, shu jumladan prokuratura organlari xodimlari orasida oʼtkaziladi.
2021-2022-oʼquv yili uchun jami 40 ta qabul kvotasi tasdiqlangan, Аkademiya magistraturasida tahsil olish uchun 323 nafar nomzod hujjat topshirgan, ularning 182 nafari yakuniy bosqichga oʼtgan.