O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5438-son Farmoniga asosan o‘qitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqlikka tayangan holda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
Shunga ko‘ra, Bosh prokuratura Akademiyasi 2022/2023 o‘quv yili uchun ta’limning kunduzgi va sirtqi shakllari bo‘yicha magistraturaga qabul boshlanganini, shuningdek hujjatlar 10 iyundan
10 avgustga qadar onlayn tarzda Akademiyaning rasmiy veb-sayti orqali qabul qilinishi ma’lum qilinadi.
Magistraturaga tanlov “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolar (sh.j. prokuratura organlari xodimlari) orasida o‘tkaziladi. Shuningdek, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan prokuratura organlari xodimlari tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Akademiya magistraturasining “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish” hamda “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida 2022/2023 o‘quv yiliga jami 60 ta, shu jumladan 24 ta davlat granti va 36 ta to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalari tasdiqlangan.
Shuningdek, Akademiyada yangi o‘quv yilidan e’tiboran magistraturada “Prokurorlik faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha ta’limning sirtqi shakli uchun jami 25 ta (5 ta davlat granti va 20 ta to‘lov-kontrakt) qabul kvotalari joriy qilindi.
Ushbu qabul kvotalaridan prokuratura organlari xodimlari uchun jami 35 ta:
- kunduzgi ta’lim uchun davlat granti asosida – 20 ta (har bir mutaxassislik bo‘yicha 5 tadan);
- sirtqi ta’lim shakli uchun davlat granti asosida – 5 ta, to‘lov kontrakt asosida – 10 ta o‘rin ajratilgan.
Ochiq tanlov bo‘yicha (tashqi nomzodlar uchun) kvotalar soni – 50 ta:
- kunduzgi ta’lim uchun davlat granti asosida – 4 ta (har bir mutaxassislikda 1 tadan), to‘lov kontrakt asosida – 36 ta;
- sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha to‘lov kontrakt asosida – 10 tani tashkil etadi.
Magistraturaga o‘qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarining egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi o‘qish davri mobaynida saqlab qolinadi.
Ochiq tanlov bo‘yicha davlat granti asosida qabul qilingan tinglovchilarga qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorda har oylik stipendiya to‘lanadi.
Kirish imtihonlari mutaxassislik fanlari va chet tili bo‘yicha yozma imtihon hamda suhbat shaklida avgust oyida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://lex.uz/docs/4494360.
Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlari bilan bog‘liq yangiliklar bilan Akademiyaning rasmiy veb - sayti (https://proacademy.uz), ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalari: www.facebook.com/ProsecutorAcademy, www.instagram.com/proacademyuz/, “tm/ProsecutorAcademy” havolasi hamda boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tanishib borishingiz mumkin.
Shuningdek, magistraturaga kirish bilan bog‘liq ma’lumotlarni 71-202-04-96 (ichki: 1795 va 1775) telefon raqami orqali ham bilib olishingiz mumkin.