BOSH PROKURATURADA FRANTSIYA ELCHISI BILAN UCHRASHUV BO'LIB O'TDI

BOSH PROKURATURADA FRANTSIYA ELCHISI BILAN UCHRASHUV BO'LIB O'TDI

Bugun Bosh prokuraturada O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodovning Fransiyaning Favqulodda va Muxtor elchisi Violen de Vil`mor bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Elchi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida sud-huquq tizimini isloh qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash, aholi farovonligini oshirish hamda tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish sohalarida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlar bilan tanishtirildi.

Uchrashuv ishtirokchilari o'rtasida ikki tomonlama hamkorlikning keng yo'nalishlari, jumladan, ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurash hamda investorlarni huquqiy qo'llab-quvvatlash masalalari bo'yicha fikr almashdilar.

Elchi prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo'nalishlari, xususan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari nogironligi bo'lgan shaxslar, ayollar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

Violen de Vil`mor xonim tomonidan O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va erishilgan yutuqlar yuqori baholandi.

Prokuratura xodimlari kasbiy tayyorgarligining ahamiyati xususida so'z yuritilib, mehmonga Bosh prokuratura huzuridagi Oliy o'quv kurslarining Akademiya sifatida qayta tashkil etilganligi ma'lum qilindi.

Shu munosabat bilan, Fransiya elchisi huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar xodimlari uchun Fransiya davlatidan soha mutaxassislari, ekspertlarni jalb etgan holda birgalikdagi o'quv mashg'ulotlarini o'tkazishga qiziqish bildirdi.

Shuningdek, ikki davlat o'rtasida huquqiy sohada shartnomaviy-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan ekstraditsiya va huquqiy yordam ko'rsatish to'g'risidagi shartnomalar tuzish zaruriyati alohida ta'kidlandi.

Uchrashuv do'stona va samimiy ruhda o'tdi.