O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2023/2024 o‘quv yili uchun “Tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha ta’limning kunduzgi shakli uchun magistraturaga qabul davom etmoqda.
Magistraturaga tanlov vakolatli davlat organlarida kamida 3 yil xizmatni o‘tagan «Yurisprudensiya» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega amaldagi xodimlari (harbiy xizmatchilari) orasida o‘tkaziladi.
Magistraturaning “Tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitish bepul asosda amalga oshiriladi.
O‘qishga qabul qilingan xodimlarning egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi o‘qish davri mobaynida saqlab qolinadi.
O‘qish kunduzgi ta’lim shaklida bir yil davomida amalga oshiriladi.
Qabul parametrlari vakolatli organlar taklifi asosida shakllantirilgan, aniq soni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
Nomzodlar tomonidan hujjatlar 10 iyun kuniga qadar Oliy ta’lim, fan va Innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining “mydtm.uz” elektron platformasi (https://my.uzbmb.uz/) orqali taqdim etiladi.
Kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida uch bosqichda, ya’ni test shaklida o‘tkaziladigan maxsus psixologik tanlov, yozma imtihon (esse) va chet tilidan test sinovi orqali amalga oshiriladi.
Magistraturaning “Prokurorlik faoliyati” (kunduzgi va sirtqi), “Korrupsiyaga qarshi kurashish” hamda “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisliklariga qabul joriy yil 10 iyundan 31 iyulga qadar tashkil etiladi va bu haqda qo‘shimcha batafsil e’lon beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: http://lex.uz/uz/docs/6425532
Akademiya magistraturasiga kirish imtihonlari bilan bog‘liq yangiliklar Akademiyaning rasmiy veb-sayti (www.proacademy.uz), ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari:
www.facebook.com/ProsecutorAcademy,
www.instagram.com/proacademyuz/,
http://www.twitter.com/ProAcademyUz,
https://t.me/ProsecutorAcademy hamda ommaviy axborot vositalari orqali tanishib borishingiz mumkin.
Shuningdek, Akademiya magistraturasiga qabul bilan bog‘liq ma’lumotlarni 71-202-04-96 (ichki: 1795 va 1775) telefon raqami orqali ham bilib olishingiz mumkin.