Bosh prokuraturaning Akademiyasida “Mintaqaviy muloqot” xalqaro tashkilotining O'zbekistondagi filiali bilan hamkorlikda joriy yilning 19 iyun kuni prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirish o'quv kurslari doirasida amerikalik ekspertlar – AQShning Janubiy va Markaziy Osie davlatlari ishlari bo'yicha maslahatchisi Robert Brayden, AQSH Adliya departamentining jinoyatlar bo'limi boshlig'i vazifasini bajaruvchi Treysi Plauell va AQSH Adliya departamentining elektron kuzatuv bo'limi boshlig'i Djon Shnitker bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tinglovchilari, prokuratura organlarining uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish yo'nalishidagi xodimlari va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xodimlari hamda Akademiyaning professor-o'qituvchilari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida amerikalik ekspertlar AQShning adliya, prokuratura, sud idoralari, shuningdek, Davlat departamenti faoliyatining xususiyatlari, uyushgan jinoyatchilik va korruptsiya hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari to'g'risida to'xtaldilar.
Ekspertlar poraxo'rlik jinoyatlarini aniqlash, isbotlash, ushbu masalada jamoatchilik ishtiroki, protsessual majburlov choralarini qo'llash, iqtisodiy jinoyatlar va uyushgan guruhlar tarkibida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish, ushbu toifadagi jinoyatlar oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplash va shunga o'xshash qator masalalar xususidagi savollarga batafsil javob berdilar.
Shuningdek, ekspertlar tadbir ishtirokchilariga yuqorida qayd etilgan toifadagi jinoyatlarga qarshi kurashda AQShda mavjud bo'lgan muammolar va ularni bartaraf etish yo'llari xususida ham ma'lumot berdilar.