SOLIQ ISLOHOTLARIGA BAG'ISHLANGAN O'QUV SEMINARI O'TKAZILDI

SOLIQ ISLOHOTLARIGA BAG'ISHLANGAN O'QUV SEMINARI O'TKAZILDI

Bosh prokuratura Akademiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 avgustdagi “O'zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan soliq va bojxona islohotlarini huquqiy qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5499-sonli Farmoni ijrosini ta'minlash masalalariga bag'ishlangan videokonferentsaloqa rejimida o'quv seminari o'tkazildi.

Tadbirda Bosh prokuratura, Hisob palatasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi, Davlat soliq qo'mitasi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davergeodezkadastr qo'mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi, O'zbekiston avtomobil transporti agentligi, IIVning Yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xodimlari, shuningdek, barcha hududlarda tuzilgan byudjetga qo'shimcha daromadlar zaxiralarini aniqlash bo'yicha ishchi guruhlar a'zolari ishtirok etdi.

Seminarda Bosh prokuror o'rinbosari A.Mavlonov va Hisob palatasi raisining birinchi o'rinbosari O.Rustamov ma'ruza qildi.

O'quv seminari davomida yuqoridagi farmonda nazarda tutilgan tashkiliy chora-tadbirlar ijrosini ta'minlash, davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yuqori darajali servisga yo'naltirilgan xizmatga aylantirish bo'yicha qo'yilgan vazifalarni bajarish, soliq islohotlarining samarali amalga oshirilishiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi omillarni aniqlash, soliqqa tortish bazasini kengaytirish bo'yicha idoralararo axborot almashinuvini yo'lga qo'yish kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbirda soliq to'lovchilar va soliq obektlarini pasportlashtirish ishlarini tashkil etish, transport xizmati ko'rsatish hamda bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solish, vaqtinchalik moliya-xo'jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlar faoliyatini tiklashga ko'maklashish, soliq qarzdorligini undirishni samarali tashkil etish, soliq to'lashdan bo'yin tovlash holatlarining oldini olish bo'yicha tegishli tavsiya va ko'rsatmalar berildi.

O'quv seminarida viloyat studiyalaridan qatnashgan ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.