Joriy yilning 19 may kuni Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo'yicha O'zbekistonning birinchi Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi muhokamasida ishtirok etdi.
Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan BMTning O'zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi va Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz yordamida tashkil etilib, gender tengligi, inson huquqlari, oiladagi zo'ravonlik va boshqa masalalar muhokamasiga bag'ishlandi.
Akademiya rahbariyati ishtirokchilarni Barqaror rivojlanishning 16-maqsadi bo'yicha Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi, milliy barqaror rivojlanish maqsadalarini amalga oshirish doirasida viktimizatsiya va MIKS islohotini o'tkazish masalalari va Bosh prokuratura tomonidan muvofiqlashtiriladigan “Samarador boshqaruv” guruhi faoliyati bilan tanishtirib o'tdi.
Tadbir ishtirokchilari – O'zbekistonning turli fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi bo'yicha bildirgan aniq fikr va takliflari hisobotni takomillashtirishda inobatga olinishini ta'kidlashdi.
Ushbu hisobot 2020 yilning iyul oyida o'tkaziladigan BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining Yuqori darajadagi siyosiy forumida taqdim etilishi rejalashtirilgan.