Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va energiya samaradorligini oshirishga oid qonunchilik ijrosi yuzasidan sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar davom ettirib kelinmoqda.
Navbatdagi turkum tadbirlar Toshkent viloyati Olmaliq shahrida tashkil etilib, dastlab ishchi guruh tomonidan shahar prokuraturasi rahbariyati va xodimlari, soha vakillari ishtirokida “Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Mazkur tadbir doirasida ishtirokchilarga jinoyatchilikning barvaqt oldini olishning yangi tizimi, hududdagi kriminogen vaziyatning kundalik tahlilini amalga oshirish, sohada prokuror nazoratini samarali tashkil etish hamda latent jinoyatlarni fosh etish masalalari muhokama qilindi.
Navbatdagi o‘quv mashg‘uloti “Korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish” mavzusida tashkil etilib, unda joylarda kundalik hayotda sodir etilayotgan maishiy korrupsiyaning turlari, ularning oldini olishga qaratilgan tadbirlar hamda prokuratura organlariga bu borada yuklatilgan vazifalar xususida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek “Energiya resurslaridan foydalanish va sarflanishiga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati” mavzusidagi o‘quv seminari o‘tkazildi. O‘quv tadbirida energiya resurslaridan foydalanish va sarflanishiga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar, nazorat tadbirlarida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar atroflicha yoritib berildi.
Akademiya ishchi guruhi tomonidan hududlarda mazkur dolzarb yo‘nalishlardagi o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar tizimli davom ettiriladi.