Huquqni muhofaza qilish akademiyasida magistrlik dissertatsiyalari himoyasi yakunlanib, tinglovchilar tomonidan qonunchilikni takomillashtirish, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish hamda huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan ilmiy asoslangan takliflar taqdim etildi.
Magistrlik dissertatsiyalari himoyasi huquqni muhofaza qilish sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning muhim bosqichlaridan biri bo‘ldi. Davlat attestatsiya komissiyalari ishida Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ilmiy rahbarlar, davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar vakillari hamda sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.
Taqdim etilgan tadqiqotlar qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish hamda raqamli texnologiyalarni huquqni muhofaza qilish faoliyatiga joriy etish kabi dolzarb masalalarni qamrab oldi.
Himoya jarayonida tinglovchilar milliy va xorijiy tajribalar tahlili asosida shakllantirilgan ilmiy xulosalar hamda huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalarni taqdim etdilar.
Komissiya a’zolari tomonidan tadqiqotlarning amaliy ahamiyati alohida e’tirof etildi. Ishlab chiqilgan qator taklif va tavsiyalar huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda qonunchilikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Magistrlik dissertatsiyalari himoyasining muvaffaqiyatli yakunlanishi Akademiyada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, tahliliy fikrlaydigan va amaliyot ehtiyojlariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.