2019 yil 28 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida “Voyaga yetmaganlarning otasi yoki onasi bilan xorijga chiqishi, qonunga xilof ravishda chet elga chiqilganda voyaga yetmaganlarni qaytarish, bolaning otasi va onasi bilan ko'rishish huquqini ta'minlash borasida MDH davlatlari qonunchiligi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbirni o'tkazishdan maqsad bolaning otasi va onasi bilan ko'rishish huquqini, g'ayriqonuniy ko'chirilishdan yoki chet davlatda ushlab turilishidan himoyalanishini ta'minlash, bolalar huquqlarini himoya qilish masalalarida xalqaro huquq normalarini qo'llash samaradorligini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Davra suhbatida MDH davlatlari bosh prokurorlari muvofiqlashtiruvchi kengashi, Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston respublikalari bosh prokuraturalari vakillari, shuningdek, yetakchi mahalliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida milliy va xorijiy ma'ruzachilar tomonidan voyaga yetmagan shaxslarning xorijga chiqishi bilan bog'liq faoliyat yurituvchi MDH davlatlari vakolatli organlari hamkorligining huquqiy va amaliy tomonlari atroflicha ko'rib chiqildi.
Muhokamalar va munozaralar MDH davlatlarining mazkur sohadagi tajribasini hamda eng samarali amaliyotlarini o'rganish va joriy etish, mavjud tizimli muammolarni hamkorlikda hal etish bo'yicha kelgusidagi rejalarni belgilab olishga xizmat qildi.
Xalqaro davra suhbati yakuniga ko'ra, MDH davlatlari tegishli organlari o'rtasidagi hamkorlikni hamda axborot almashinuvini kengaytirishga oid qo'shma tavsiyalar ishlab chiqildi.