Bosh prokuratura Akademiyasida “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikka ko'maklashish” mintaqaviy Dasturi bilan hamkorlikda “Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining yangi Qonuni” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirda O'zbekistonda “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikka ko'maklashish” mintaqaviy Dasturi rahbari Kristina Kore-Perkone, GIZ eksperti va Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining ma'muriy va harbiy qonunchilik bo'limi mudiri o'rinbosari Sayad Karimov, Akademiya xodimlari va tinglovchilari ishtirok etdilar.
Seminar davomida “Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi qonunni qo'llashning amaliy masalalari, Germaniya va Ozarbayjonning ma'muriy tartib-taomillarining asosiy printsiplari, ularni buzishning huquqiy oqibatlari, shuningdek, manfaatdor shaxslarning ma'muriy ish yuritishdagi huquqlarining kafolatlari ko'rib chiqildi.
Seminar interaktiv shaklida o'tkazilib, ishtirokchilarga ma'muriy tartib-taomillar sohasida o'z bilim va tajribalarini almashish imkonini berdi.