Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan respublika prokuratura organlarining sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida xizmat qilayotgan tezkor xodimlari uchun tashkil etilgan maxsus masofaviy malaka oshirish o'quv kursining navbatdagi guruhi uchun o'quv jarayoni yakunlandi.
Davomiyligi 144 soat bo'lgan mazkur masofaviy kurs o'quv mashg'ulotlari joriy yilning 9 martidan 12 iyun kuniga qadar masofaviy ta'limning “4+0” tizimi asosida tinglovchilar uchun asosiy ish joyidan ajralmagan holda o'tkazildi.
O'quv kursi davomida xodimlar tomonidan prokuratura faoliyatining umumiy masalalari, shuningdek fuqarolik, jinoyat ishlari bo'yicha sudlarda, iqtisodiy va ma'muriy sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishlaridagi nazariy bilim va ko'nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan mavzular, tegishli manbalar o'zlashtirib borilib, testlar, muammoli vaziyatlar va kazuslar yechimida ishtirok etildi.
Masofaviy malaka oshirish kursining yakunida online tarzidagi imtihon o'tkazildi. Imtihon yakunlari bo'yicha xodimlarga belgilangan tartibdagi sertifikatlar topshirildi.