Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan respublika prokuratura organlarining sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida xizmat qilayotgan tezkor xodimlari uchun tashkil etilgan maxsus masofaviy malaka oshirish o'quv kursining yana bir guruh tinglovchilari o'quv mashg'ulotlarini yakunladi.
Muqaddam xabar berilganidek, mazkur malaka oshirish kursi to'liq masofaviy ta'lim shaklida “4+0” tizimi asosida amalga oshirilib, davomiyligi 144 soatni tashkil etdi va joriy yilning 16 martidan 20 iyuniga qadar davom etdi.
O'quv kursi davomida tinglovchilar o'zlarining prokuratura faoliyatining umumiy masalalari, shuningdek jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishlaridagi bilimlarini mustahkamladilar hamda testlar, muammoli vaziyatlar va kazuslar yechish orqali ko'nikmalarini yanada oshirish ustida ishladilar.
Masofaviy malaka oshirish kursining yakunida online tarzidagi imtihon o'tkazildi.
Imtihon yakunlari bo'yicha xodimlarga belgilangan tartibdagi sertifikatlar topshirildi.