ARIN-WCA tarmog'i Boshqaruv guruhining yig'ilishi o'tkazildi

ARIN-WCA tarmog'i Boshqaruv guruhining yig'ilishi o'tkazildi

Joriy yilning 25 iyun kuni G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha idoralararo tarmog'i (ARIN-WCA) Kotibiyati – O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi bilan birgalikda videokonferensaloqa formatida tarmoq Boshqaruv guruhining yig'ilishi tashkillashtirildi.

Yig'ilishda ARIN-WCA Boshqaruv guruhining a'zolari – Qozog'iston, Qirg'iz Respublikasi, Pokiston, Turkmaniston va O'zbekiston vakillari hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi ekspertlari ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar va ekspertlar koronavirus (COVID-19) pandemiyasi davrida ARIN-WCA tarmog'ini samarali boshqarish va uning faoliyatini yanada rivojlantirish, tarmoq boshqaruvini nazorat qilish, aktivlarni qaytarish sohasida hamkorlikni kengaytirish, ARIN-WCAga a'zo davlatlar vakillarining salohiyatini oshirishga qaratilgan o'quv modullarini ishlab chiqish va onlayn treninglarni tashkillashtirish, tarmoqning yillik umumiy yig'ilishini o'tkazish va shu kabi boshqa tashkiliy masalalarni muhokama qilishdi.

ARIN-WCA Kotibiyati sifatida Bosh prokuratura Akademiyasi Boshqaruv guruhi a'zolarini tarmoqni boshqarish doirasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi muhim rejalar to'g'risida xabardor qilishdi.

Boshqaruv guruhi yig'ilishining yakunlariga ko'ra ishtirokchilar ARIN-WCA doirasida 2020 yilda amalga oshirilishi kerak bo'lgan muhim vazifa va tadbirlarni belgilab olishdi.