Joriy yilning 30 sentyabr kuni jinoyatchilik holatini uzluksiz monitoring qilish salohiyatini mustahkamlash borasida O'zbekiston Bosh prokuraturasi Akademiyasi va Yaponiya Adliya vazirligi qo'shma ishchi guruhining navbatdagi onlayn uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Uchrashuv davomida Yaponiya tomoni huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan statistik ma'lumotlarni yig'ish va qayta ishlash bo'yicha ma'lumot berdi hamda ishtirokchilar Yaponiya prokuratura organlarining jinoiy huquqbuzarliklarni ro'yxatga olish tizimi bilan tanishdilar.
Uchrashuv dunyoning boshqa mamlakatlari ilg'or tajribasini o'rganish nuqtai nazaridan ham foydali bo'ldi. Xususan, AQSH Adliya sohasida statistika byurosining (Bureau of justice statistics) ma'lumotlarni boshqarish va ularning ochiqligini ta'minlash borasidagi faoliyati ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg'otdi.
O'z navbatida, Yaponiya tomoni jinoyatchilik holati to'g'risidagi ma'lumotlarni yig'ish, qayta ishlash va tahlil qilish tizimi bilan tanishtirildi. Ma'lumotlarni mintaqalar miqyosida, jinoyatchilik turlari hamda boshqa mezonlari asosida o'rganishning muhim parametrlariga ham to'xtalib o'tildi.
Ish rejasiga muvofiq, qo'shma guruh onlayn uchrashuvlarni davom ettirib, ushbu loyihani amalga oshirish bo'yicha Yo'l xaritada belgilangan vazifalarni bosqichma-bosqich bajarib boradi.