Ilm-fan, taʼlim va prokuror-tergov faoliyatining uzviy bogʼliqligini hamda taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida ilgʼor xalqaro tajriba va ijobiy amaliyotlarni oʼrganish va joriy etishga qaratilgan xalqaro va idoralararo hamkorlikni amalga oshirish Bosh prokuratura Аkademiyasi faoliyatining muhim yoʼnalishlaridan hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Rossiya Federatsiyasi Tergov qoʼmitasi, shuningdek tomonlarning idoraviy taʼlim muassasalari oʼrtasida ilgari imzolangan ikki tomonlama kelishuvlar doirasida 2021-yil 16-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qoʼmitasi Moskva va Sankt-Peterburg akademiyalari delegatsiyasi Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Аkademiyasiga tashrifi boshlandi.
Tashrif dasturida ikki tomonlama uchrashuvlar, Аkademiya faoliyati bilan tanishuv, shuningdek Bosh prokuratura, quyi prokuraturalar, Ichki ishlar vazirligi tergovchilari va Bosh prokuratura Аkademiyasi professor-oʼqituvchilari uchun "Shaxsga, jamoat xavfsizligiga, davlat hokimiyatiga qarshi va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish" mavzusida malaka oshirish kursi oʼtkazilishi nazarda tutilgan.
Bu kabi maʼrifiy tadbirlar huquqni muhofaza qilish faoliyati hamda kadrlar tayyorlashning sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.