Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishidagi rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublikamizda o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida 2021 yil 8 oktabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida O‘zbekiston prokuraturasi faxriylari hamda Akademiya tinglovchilari ishtirokida “Adolat tarozisini mahkam tutib” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Ta’kidlash lozimki, prokuratura organlarida ko‘p yillar fidokorona xizmat qilgan faxriylarimiz bugun ham biz bilan bir safda turib, yoshlarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish hamda ularni qasamyodiga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Davra suhbatida prokuratura organlari faxriylari o‘zlarining qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish sohasidagi boy va ibratli hayot tajribalari, amaliy bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Shuningdek tadbirda prokuratura organlarida “Ustoz-shogird” an’analari tiklanib, yoshlarning ustoz va murabbiylar bilan uzviy hamkorligi yo‘lga qo‘yilgani kadrlarni tayyorlash, tarbiyalash hamda ularni o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishlarida ulkan ahamiyat kasb etishi alohida e’tirof etildi.