O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Davlat tili bayrami munosabati bilan xodimlarning nutq madaniyatini oshirish hamda davlat tilida ish yuritishga oid amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Yuridik sohada davlat tilining o‘rni va ahamiyati” mavzusida tanlov tashkil etildi.
Tanlov uchta yo‘nalish: esselar tanlovi, bilimdonlik tanlovi hamda she’rxonlik tanlovidan iborat bo‘lib, mazkur yo‘nalishlarning har biri dastlabki saralash bosqichi va yakuniy bosqichlarni o‘z ichiga oladi.
Yakuniy bosqich natijalariga ko‘ra, tanlov g‘oliblari hamda alohida nominatsiyalar sohiblarini pul mukofoti, diplom va boshqa rag‘batlantirish vositalari bilan taqdirlash nazarda tutilgan.
12-oktabr kuni tanlovning “Bilimdonlik” yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi bosqichi, ya’ni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek adabiy tili me’yorlariga doir test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan xodimlardan diktant qabul qilish jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Tanlov tadbirlarini o‘tkazishda ularning yuqori saviyada, xolis va shaffof tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.