Bosh prokuraturasi Akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning yig‘ilishida Akademiya mustaqil izlanuvchisi Sh.Shayzakovning 12.00.07 ixtisosligi bo‘yicha tayyorlagan “Ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokining tashkiliy-huquqiy asoslari: qiyosiy-huquqiy tahlil” mavzusidagi dissertatsiyasining himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan ushbu dissertatsiya doirasida O‘zbekiston Respublikasida va xorijiy mamlakatlarda ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtiroki va uning protsessual-huquqiy maqomi bilan bog‘liq masalalar o‘rganilgan.
Dissertatsiyada ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokini qonunchilikka kiritish, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vazifalari, maqsadi, vakolatlari, prokuror faoliyatini baholash mezonlari, ma’muriy va ommaviy huquqiy munosabatlarda prokuror ishtirokining zaruriyati asoslantirilgan.
Ilmiy kengash a’zolari tomonidan mazkur ilmiy ish bir ovozdan ijobiy baholanib, Sh.Shayzakovning dissertatsiyasi tugallangan deb hisoblanib, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga hujjatlarni taqdim etish yuzasidan qaror qabul qilindi.
Akademiya jamoasi Sh.Shayzakovni dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilganligi bilan tabriklaydi va kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi.