Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish maqsadida Akademiyada joriy o‘quv yilida yangi “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” magistratura dasturi joriy etildi.
YEXHT loyihalari koordinatori ofisining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari va USAID xalqaro tashkilotlarining ko‘magida akademik dastur va o‘quv modullarini ishlab chiqish ishlariga ilg‘or ilmiy-ta’lim muassasalari va tashkilotlarining, jumladan Raul Vallenberg nomidagi Inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquq instituti, Lund universiteti (Shvetsiya), Bristol universiteti (Buyuk Britaniya), Kaliforniya universitetining Gasting huquq maktabi (AQSH) ekspertlari jalb qilindi.
Mazkur magistratura dasturi doirasida Raul Vallenberg nomidagi Inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquq institutining professorlari Karl Novak, Lyal Sunga, Andreas Yungxolm, Josh Unsted, Zuzana Zalanovalar tomonidan YEXHT loyihalari koordinatori ofisining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida ishlab chiqilgan “Adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquq” mavzusidagi asosiy modullardan biri bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
Ushbu kurs jinoiy sud ish yurituvining sudga qadar hamda sud bosqichlarini o‘z ichiga olgan.
Professor L.Sunga tomonidan mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan magistratura tinglovchilari uchun adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqning asosiy konsepsiyalari, xalqaro standartlar va amaliyot bo‘yicha ma’ruzalar qilinib, amaliy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida imitatsion mashqlar o‘tkazilmoqda.