O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida 2021-yil 29-oktabr kuni professor va dotsent ilmiy unvonini olish uchun “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish hamda ijtimoiy rivojlanishning ilmiy asoslari va amaliy yo‘nalishlari” fanidan imtihon bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2021-yil 31-martdagi 295/4-son qarori asosida Bosh prokuratura Akademiyasiga mazkur fan bo‘yicha maxsus imtihon o‘tkazish huquqi berilgan.
Imtihon davlat va jamiyat qurilishi, ta’lim va fan, huquqni qo‘llash va iqtisod sohalarida ulkan ilmiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan olimlar va ekspertlardan iborat komissiya tomonidan o‘tkazildi.
Imtihon jarayonida talabgorlarning O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish yuzasidan bilim va tajribalari sinovdan o‘tkazildi.
Imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan talabgorlarga belgilangan namunadagi sertifikatlar taqdim etildi.