Davlat xizmatchilari uchun o‘quv dasturlari muhokamasi bo‘yicha davra suhbati  

Davlat xizmatchilari uchun o‘quv dasturlari muhokamasi bo‘yicha davra suhbati  

 

Joriy yilning 29-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida «Yoshlar Farg‘ona vodiysida ijtimoiy uyg‘unlik uchun» loyihasi doirasida davlat xizmatchilari uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish natijalari bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Doyna Muntyanu, Davlat boshqaruvi akademiyasining ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Botu Alimov va Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘i Yevgeniy Kolenko kirish so‘zlari bilan chiqish qilishdi.
Davra suhbati ishida har ikkala Akademiya vakillari davlat xizmatchilarini turli masalalar yuzasidan o‘qitish bo‘yicha o‘quv dasturlarini namoyish qilishdi. 
Xususan, Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan «Yoshlar Farg‘ona vodiysida ijtimoiy uyg‘unlik uchun» loyihasi doirasida davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari bo‘yicha masofaviy o‘quv dasturi ishlab chiqilgan.
O‘quv kursi manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens tizimini joriy etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, korrupsiya uchun javobgarlik, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyani oldini olishdagi hamkorligi hamda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalarini o‘zi ichiga olgan.
Loyihaga ko‘ra, o‘quv kursi dastlab Farg‘ona vodiysidagi yosh xizmatchilar o‘rtasida aprobatsiyadan o‘tkaziladi, so‘ngra mamlakatning barcha hududlarida joriy etiladi.