Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan yetakchi xalqaro va xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash, shu jumladan akademik almashinuv va qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Akademiyada Lund universitetining (Shvetsiya) tomonidan muvofiqlashtiriluvchi “Markaziy Osiyo huquqi: Markaziy Osiyoda huquqiy madaniyat va ishbilarmonlik muhiti” qo‘shma loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha Latviya universiteti, Marmara universiteti (Turkiya), Xelsinki universiteti, Dublin universiteti, Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda MDH davlatlarining boshqa ilmiy-ta’lim muassasalari ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan loyiha hamda Yevropa komissiyasining Marie Sklodowska-Curie Research and Innovation Staff Exchange granti doirasida 2021 yilning iyun-oktabr oylari davomida Akademiyada Latviya universiteti dotsenti, yuridik fanlari doktori Inessa Kalninaning akademik stajirovkasi tashkil etildi.
I.Kalnina akademik stajirovka davomida xalqaro biznes huquqi sohasida tadqiqot olib bordi. Shuningdek, Akademiya tinglovichlari uchun iqtisodiy rivojlanishning huquqiy asoslari, eksport faoliyatining doirasi, xavflar va ularni bartaraf etish usullari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
O‘zining Akademiyadagi faoliyatini yakunlar ekan, I.Kalninani Akademiyada faoliyat yuritgan davrida juda katta ilmiy va amaliy tajriba orttirgan bo‘lib, bu uning kelgusidagi faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi hamda Akademiyaga o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Akademiyaning qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, o‘quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, ilmiy xodimlarning stajirovkalarini tizimli ravishda tashkil etish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish faoliyati muntazam davom ettiriladi.