Bosh prokuratura Akademiyasi G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmog‘i (ARIN-WCA) Kotibiyati vazifasini amalga oshirish doirasida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda mazkur tarmoq a’zo davlatlari vakillari uchun uch kunlik “Murakkab (kompleks) aktivlarni boshqarish” mavzusida o‘quv treningini tashkillashtirdi.
Mazkur trening onlayn shaklda, tarmoqqa a’zo hamda kuzatuvchi bo‘lgan – Afg‘oniston, Gruziya, Ozarbayjon, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Eron davlatlarining noqonuniy aktivlarni qaytarish va boshqarishga mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organlarining 40 ga yaqin vakillari ishtirokida o‘tkazildi.
AQSH va Buyuk Britaniya davlatlaridan bo‘lgan xorijiy ekspertlar trening ishtirokchilari bilan boshqarish qiyin bo‘lgan, kompleks aktivlar – kriptovalyuta, ko‘chmas mulk, kompaniyalarni boshqarish borasidagi o‘zlarining ijobiy tajribasi va ilg‘or amaliyoti bilan bo‘lishishdi.
Shuningdek, virtual guruhlarga bo‘lingan holda hamkorlikda vazifalarni bajarishlari, trening ishtirokchilariga noqonuniy kompleks aktivlarni boshqarish sohasidagi qonunchilik va uni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha o‘zlarining tajribasi bilan almashishlariga, ushbu sohadagi yondashuvlar va tendensiyalar bilan tanishishlariga imkoniyat yaratdi.