Akademik doiralar ishtirokida qonun loyihasini muhokama qilish bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi 

Akademik doiralar ishtirokida qonun loyihasini muhokama qilish bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi 

Bosh prokuratura Akademiyasida korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasining muhokamasi bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021–2022-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturida korrupsiyaga qarshi qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish belgilangan.

Shu munosabat bilan, Akademiya tomonidan Bosh prokuratura va boshqa idoralar bilan birgalikda qayd etilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan.

Qonun loyihasining muhokamasida Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari va loyihani ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan Bosh prokuratura xodimlari, shuningdek Akademiya magistraturasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish» yo‘nalishi tinglovchilari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida ekspertlar tomonidan tegishli taklif va mulohazalar bildirildi.

Korrupsiyaga qarshi jinoiy qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida taqdim etilgan takliflar qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqishda inobatga olinadi.