Qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy xodimlar va tinglovchilarning stajirovkalarini tizimli ravishda tashkil etish borasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Mazkur vazifani samarali amalga oshirish maqsadida Akademiya tomonidan xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan bir qator memorandum va kelishuvlar imzolanib, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatildi va rivojlantirib kelinmoqda.
Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Akademiyasi bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni (2017 y.) amalga oshirish doirasida ushbu muassasaning 10 nafar doktorantlari Bosh prokuratura Akademiyasiga ilmiy stajirovka o‘tash uchun tashrif buyurdi.
Amaliyotni samarali tashkil etish maqsadida doktorantlar Akademiyaning tegishli kafedralariga biriktirilib, ilmiy salohiyat va katta amaliy tajribaga ega ustozlar ishtirokida ular uchun dissertatsiyalar doirasidagi faoliyatini davom ettirish, ilmiy kutubxonadan foydalanish va ilmiy maqolalar nashr ettirish, normativ-huquqiy, uslubiy va tahliliy tusdagi ma’lumotlar almashish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Ilmiy stajirovka dasturida doktorantlarning Akademiyaning o‘quv va ilmiy jarayonlarida ishtirok etishi, huquqshunoslik va huquqni muhofaza qilish faoliyatining dolzarb masalalarini muhokama qilishga oid ilmiy-amaliy seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazish ham nazarda tutilgan.
Akademik almashinuv bo‘yicha bunday tadbirlarning amalga oshirilishi muassasalarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqlarni hamda tomonlarning o‘zaro hamkorligini kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qiladi.