Bosh prokuratura Akademiyasining bir guruh xodimlari Shvetsiyaning Lund universiteti Huquq sotsiologiyasi departamenti bilan imzolangan o‘zaro anglashuv haqidagi memorandum doirasida “Markaziy Osiyo huquqi: Markaziy Osiyoda huquqiy madaniyatlar va biznes muhiti” loyihasida ishtirok etmoqda.
Loyiha hamkorlari bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari va institutlarining tadqiqotchilari “Markaziy Osiyoda huquqiy madaniyatlarni anglash” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdilar.
Tadbirda Yevropa va Markaziy Osiyoning bir qator o‘quv-ilmiy muassasalari vakillari o‘z tadqiqot yo‘nalishlari doirasida tayyorlagan taqdimotlarini namoyish etishdi. Shu jumladan, Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari U.Nigmadjanov “Korrupsiya uchun yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligi” mavzusida, kafedra boshlig‘i M.Do‘stqoriyev “O‘zbekistonda fuqarolar huquqiy ongi va huquqiy madaniyati”, kafedra dotsenti N.Azizov “Tadbirkorlik sohasida yuzaga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal qilish” mavzularidagi tadqiqot konsepsiyalarining taqdimotini o‘tkazdilar.
Konferensiya ishtirokchilari Markaziy Osiyoda huquqiy madaniyatlarning shakllanishi o‘ziga xos tarixga ega bo‘lib, bu sohada fundamental ilmiy tadqiqotlar olib borish va uning natijalarini amaliyotga joriy etish mintaqada qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash va qulay biznes muhitini yaratishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.
Ishtirokchilar ilmiy tadqiqotlar amaliy natijalarini joriy etish, shuningdek loyiha doirasida ilmiy maqolalar chop etish va boshqa tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.