Bosh prokuratura Akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda BMTning “Farg‘ona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uyg‘unligi” qo‘shma dasturi doirasida joriy yilning 15-20-noyabr kunlari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari yosh davlat xizmatchilari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish” mavzusida turkum treninglar o‘tkazildi.
Treninglarda 26 davlat organining 300 nafardan ziyod xodimlari jalb etildi.
Ishtirokchilar treninglar doirasida davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish etikasi, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplaens) tuzilmalari faoliyatini samarali tashkil etish, korrupsiyaning oldini olishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi masalalarini atroflicha ko‘rib chiqishdi.
Yosh davlat xizmatchilari tajribali trenerlar boshchiligida mahalliy va idoraviy darajada korrupsiyaning oldini olishda yoshlarni ijtimoiy safarbar qilish, yoshlar orasida halollikni va korrupsiya ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlash, mansabdor shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarini aniqlash, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish hamda oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish kabi mavzularni interfaol mashg‘ulotlar jarayonida muhokama qildilar.
Ishtirokchilar tomonidan mazkur trening korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid bilim va amaliy ko‘nikmalarini kuchaytirishda, kelgusida o‘z ish faoliyatlarini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.