Ilmiy tadqiqotlar metodologiyasi sohasida salohiyatni oshirish maqsadida Toshkent xalqaro Vestminster universiteti professori T.Tagiyeva ishtirokida magistratura tinglovchilari va doktorantlar uchun ilmiy tadqiqotlar metodologiyasi bo‘yicha o‘quv kursi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur dastur tinglovchilarga fanlararo ta’lim olish, o‘z kasbiy mahoratlarini oshirish hamda ularga manfaatli bo‘lgan asosiy sohalarni o‘rganishda huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy tadqiqotlardagi tajribalarni tatbiq qilish bo‘yicha keng imkoniyatlarni taqdim etadi.
Kurs huquqiy tadqiqotlar tamoyillari va metodologiyasi, tadqiqot bo‘yicha ilmiy nashrning tarkibiy qismlari, loyiha dizayni, huquqiy tadqiqotlarda nazariyaning roli bo‘yicha bilimlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Kurs dasturidan tinglovchilarni doktrinal, empirik, qiyosiy kabi huquqiy tadqiqotga bo‘lgan turli yondashuv va usullar bilan tanishtirishga bag‘ishlangan maxsus sessiya ham o‘rin olgan.
Kursni o‘zlashtirish bilan bir vaqtda, tinglovchilar olingan bilim va ko‘nikmalarini uslubiy jihatdan asoslantirilgan, o‘ziga xos hamda innovatsion tadqiqot loyihalarini ishlab chiqishda qo‘llash uchun muayyan huquq sohalarining mutaxassislari hisoblangan murabbiylar bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari lozim bo‘ladi.