Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga o'qishga kirmoqchi bo'lgan nomzodlar uchun onlayn konsultatsiya o'tkazildi

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga o'qishga kirmoqchi bo'lgan nomzodlar uchun onlayn konsultatsiya o'tkazildi

Joriy yil 10 va 12 sentyabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga o'qishga kirmoqchi bo'lgan nomzodlar uchun onlayn konsultatsiyalar o'tkazildi.

Konsultatsiyalar davomida nomzodlarga kirish imtihonlari, Akademiya magistraturasida o'qish va ilmiy-tadqiqot ishini olib borishning o'ziga xos xususiyatlari to'g'risida batafsil ma'lumot 
berildi.

Kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbatdan tashkil topadi. Yozma imtihon huquqiy mavzuda esse va chet tili bo'yicha test savollaridan iborat.

Imtihonni o'tkazishda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida bir qator choralar ko'rilmoqda.

Imtihon o'tkaziladigan joyga kirishdan oldin nomzodlarning tana harorati o'lchanib, har bir nomzod alohida tibbiy qo'lqop va niqob hamda suv bilan ta'minlanadi, ularga kerakli kanselyariya tovarlari beriladi.

Yozma imtihon o'tkaziladigan vaqt va joy. Chet tili bo'yicha imtihon va huquqiy mavzuda esse 15 sentyabr kuni Toshkent shahri, Olmazor tumani, Keles yo'li ko'chasida joylashgan “G'alaba” bog'i hududidagi yopiq sahna maydonida o'tkaziladi. Imtihon soat 08:00 da boshlanadi. Nomzodlar imtihon boshlanishidan 30 daqiqa oldin imtihon o'tkaziladigan joyga yetib kelishlari shart.

Kirish imtihonlari o'tkaziladigan kuni kunning birinchi yarmida dastlab chet tili bo'yicha, keyin esa mutaxassislik fanlari bo'yicha imtihon o'tkaziladi.

Kirish imtihonlarini topshirish uchun nomzodlar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan belgilangan vaqt va joyga kelishlari lozim.

Belgilangan vaqtdan kech qolgan nomzodlar imtihonga kiritilmaydi, shuningdek kelmagan nomzodlar uchun qo'shimcha imtihon o'tkazilmaydi va bunday nomzodlarga tegishli imtihon uchun “0” ball qo'yiladi.

Imtihon kuni tana harorati yuqori bo'lgan nomzodlarning imtihonda ishtiroki masalasi tibbiyot xodimlari xulosasiga binoan hal etiladi.

Imtihon kuni o'quv adabiyoti, lug'at, ma'lumotnoma, jadval, konspekt, yozuv daftari, qog'oz yoki elektron shakldagi shpargalkalar, normativ-huquqiy hujjatlar, aloqa vositalari, audio, foto 
va video yozish qurilmalaridan foydalanish taqiqlanadi.

Ushbu narsalar aniqlangan taqdirda nomzod imtihondan chetlashtiriladi.

Chet tili bo'yicha yozma imtihon 40 ta savoldan iborat bo'lib, 2 qismga bo'linadi:

– 1-bo'lim: O'qish (20 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 1,5 ball beriladi;

– 2-bo'lim: Leksik va grammatik kompetentsiyalar (20 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 1 ball beriladi.

Testni bajarish uchun 1 soat 20 daqiqa, javoblarni javob varaqasiga ko'chirish uchun 10 daqiqa, jami 1 soat 30 daqiqa vaqt ajratiladi.

Chet tilidan 5,5 va undan yuqori ball bo'lgan IELTS sertifikatini taqdim etgan 14 nafar nomzodlarga chet tilidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi.

Yozma imtihonda nomzoddan huquqiy mavzuda 1 ta esse yozish talab etiladi va bunga 2 soat vaqt ajratiladi. Esse javobi 100 ballik tizimda baholanadi.

Esse natijalariga ko'ra 56 va undan yuqori ball to'plagan nomzodlar kirish imtihonlarining keyingi bosqichi – suhbatga kiritiladi.

Suhbat savollari mutaxassislik fanlaridan tuzilgan bo'lib, har bir bilet 10 ta savolni o'z ichiga oladi, shu bilan birga, nomzodga 3 ta savolga javob berish imkoniyati beriladi. Suhbat natijalari 100 ballik tizimda baholanadi.

Yozma imtihon va suhbat natijalaridan norozi bo'lgan nomzodlar Akademiya rasmiy veb-saytida javoblar e'lon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni davomida apellyatsiya komissiyasiga Akademiyaning rasmiy elektron pochtasi info@procademy.uz orqali shikoyat berish huquqiga ega.

Shikoyatlar apellyatsiya komissiyasi tomonidan ikki ish kuni ichida ko'rib chiqiladi va natijasi haqida nomzodning elektron pochtasiga xabarnoma yuboriladi.

Imtihon jarayonlari davlat organlari, oliy ta'lim muassasalari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining xolis kuzatuvi ostida o'tkaziladi. Butun imtihon jarayoni OAV va Akademiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali keng jamoatchilikka yoritib boriladi.