Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun ham hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida mehnat qilayotgan insonlar, birinchi navbatda, rahbar xodimlar, fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini puxta bilishi, unga butun jamiyat a’zolari qat’iy amal qilishi shart bo‘lgan muhitni yaratish g‘oyat muhim va dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Shu maqsadda Bosh prokuratura Akademiyasida joriy yilning 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan Bosh prokuratura Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, doktorantlar va magistratura tinglovchilari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, yuridik fanlar doktori, professor Xalim Boboyevich Boboyev taklif etildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi tarixi, uning davlat siyosiy-ijtimoiy hayotidagi ahamiyati, o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil so‘z yuritildi.