Innovatsion loyihaga start berildi

Innovatsion loyihaga start berildi

Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan “Aholi migratsiyasida raqamli vizalar platformasini ishlab chiqish” innovatsion loyihaga start berildi.

10 sentyabr kuni Bosh prokuror o'rinbosari E.T.Yuldashev, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining vakillari ishtirokida onlayn rejimda ishchi guruh yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Mazkur loyihani sifatli va o'z vaqtida amalga oshirish maqsadida idoralararo tahliliy ishchi guruh shakllantirildi va O'zbekiston Respublikasining Migratsiya kodeksi, migratsiya sohasidagi davlat siyosati kontsepsiyasi loyihalarini ishlab chiqish hamda “Musofir” nomli raqamli vizalar platformasini yaratish vazifasi belgilandi.

Loyihani amalga oshirish natijasida mehnatkash-migrantlar va ular oila a'zolarining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro standartlar va xorijiy davlatlarning ilg'or tajribalari o'rganilishi, migratsiya sohasidagi vakolatli davlat organlari uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo'lga qo'yishda “Migratsiya huquqi” fanini alohida huquq sohasi sifatida o'qitish maqsadida darslik tayyorlanishi qayd etildi.

Onlayn uchrashuv chog'ida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tuzilishi va kontsepsiyasi, shuningdek “Musofir” nomli raqamli vizalar platformasining texnik xususiyatlari batafsil muhokama qilindi.