Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan haftalik doirasida 2021-yilning 24-dekabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi va “Mintaqaviy muloqot” XNNT bilan hamkorlikda BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasi modeli: “BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini amalga oshirish mexanizmi: ikkinchi bosqich obzori”ning yakuniy bosqichi tashkil etildi.
Ma’lumot uchun, tadbirning birinchi bosqichi joriy yilning 9 dekabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida o‘tkazilib, unda Model Konferensiyasiga start berilgan.
Tadbirning yakuniy bosqichida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, Namangan davlat universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Bosh prokuratura Akademiyasining magistratura tinglovchilari rolli o‘yinlar shaklida Konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari (Armeniya, Germaniya, Janubiy Afrika Respublikasi, Sloveniya, Fransiya va O‘zbekiston) delegatlari sifatida chiqish qilishdi.
Konferensiya davomida shartli delegatlar o‘zlarining davlatlarida Konvensiyaning 8-moddasi (Ommaviy mansabdor shaxslarning odob-axloq kodekslari) qoidalarining implementatsiya qilinishi bo‘yicha hisobotlarni taqdim qilishdi, boshqa delegatsiyalarning savollariga javob berish orqali debatlarda qatnashishdi, shuningdek muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha tahliliy solishtirish asosida O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan takliflar yuzasidan taqdimot o‘tkazishdi.
Delegatsiyalarning chiqishlari BMT GJB Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, “Mintaqaviy muloqot” XNNT, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va “O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahliliy markazi NNTning xalqaro i milliy darajadagi ekspertlari tomonidan baholab borildi.
Tashkil etilgan tadbir ishtirokchilarning BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalari bo‘yicha bilimlarini oshirishga, Konvensiya bo‘yicha obzor mexanizmlarini o‘tkazishga hamda xorijiy mamlakatlar va O‘zbekistondagi ommaviy mansabdor shaxslarning odob-axloq kodekslari bilan yaqindan tanishishga imkoniyat berdi.