Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni tizimli ravishda amalga oshirib kelmoqda.
Mazkur faoliyat doirasida Akademiya ekspert sifatida katta tajribaga ega bo‘lgan yetakchi xalqaro mutaxassislarni jalb etib kelmoqda.
2022 yil 3 fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro ekspert, 2010–2019 yillarda Xalqaro antikorrupsiya akademiyasi (IACA) rektori lavozimida ishlab kelgan professor Martin Kroytner Akademiyaga tashrif buyurdi. 2001 yildan 2010 yilgacha M.Kroytner Avstriya Ichki ishlar Federal byurosiga rahbarlik qilib, uning rahbarligida mazkur byuro Avstriya Federal antikorrupsiya byurosiga o‘zgartirildi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad korrupsiyaga qarshi ilmiy-tadqiqot va ta’lim, jumladan, masofaviy ta’limni rivojlantirishning ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etish, Bosh prokuratura Akademiyasida korrupsiyaga qarshi ta’limning metodik asoslarini yanada rivojlantirishdan iborat.
Dastlab ilmiy-ta’lim sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish va kelgusida ekspertlar muloqotini kengaytirish maqsadida M.Kroytnerning Akademiya rahbariyati bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Akademiyadagi faoliti davomida xalqaro ekspert ishtirokida ilmiy-tadqiqot va korrupsiyaga qarshi ta’lim sohasida milliy ekspertlar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan trenerlar uchun trening o‘tkazish nazarda tutilgan.
Shuningdek, mutaxassis ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura talabalari uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda fanlararo va tarmoqlararo yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha kurs tashkil etildi.
Xalqaro ekspertning Akademiyaga tashrifi USAID ning O‘zbekistondagi huquqni isloh qilish dasturi ko‘magida tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq M.Kroytner Bosh prokuratura Akademiyasining keyingi yildan ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Korrupsiyaga qarshi xalqaro huquq” (The LLM (legum magister) in International Anti-Corruption Law) magistrlik dasturini ishlab chiqqan.