Bosh prokuratura Akademiyasida Shimoliy Reyn-Vestfaliya Federal o‘lkasi Adliya vazirligi kotibi Dirk Vedel boshchiligidagi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi, hamda Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ) vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiya a’zolari Akademiya tuzilmasi va faoliyati, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Akademiya IRZ fondi bilan hamkorligi haqida ma’lumot berdi. Akademiyani shakllantirishda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi xodimlarini tayyorlash
va malakasini oshirish borasida Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi tajribasidan foydalanilgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Mehmonlarga Akademiyaning mazkur yo‘nalishdagi faoliyati, Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi tashkil etilgani hamda Akademiyaning shu nomdagi magistratura yo‘nalishining yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv do‘stona ruhda o‘tdi va bo‘lib o‘tgan konstruktiv muloqotdan o‘zaro mamnunlik izhori bilan yakunlandi.