2022 yil 9 mart kuni Bosh prokuratura Akademiyasi doktorantlari va xodimlari Yaponiyaning Nagoya universiteti taklifiga ko‘ra tashkil etilgan ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish mavzusiga bag‘ishlangan vebinarda ishtirok etdilar.
Yaponiyalik professor Yoshiharu Matsuura tomonidan olib borilgan mahorat darsi nazariy va amaliy qismlardan iborat bo‘lib, dastlab ilmiy tadqiqot ishida foydalanish uchun ilmiy adabiyot va maqolalar ro‘yxatini shakllantirish, ularni saralash va tahlil qilish hamda tadqiqot ishida ulardan foydalanish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Seminarning amaliy qismida har bir tadqiqotchi o‘z tadqiqoti doirasida shakllantirgan ilmiy adabiyotlarni tahlil qilib, ko‘rib chiqilgan maqolada ko‘tarilgan muammo, (ilmiy tadqiqot savoli, tadqiqotning asosiy natija va xulosalari, tadqiqotchining ilmiy ishi uchun ahamiyati kabi masalalarni ko‘rsatib o‘tishdi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, Nagoya universiteti qariyb 150 yillik tarixga ega bo‘lib, ushbu dargohda 16 mingga yaqin talaba va tadqiqotchilar tahsil oladi, 4 mingga yaqin professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar faoliyat ko‘rsatadi. Universitet olimlarining 6 nafari Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ayni paytda ushbu universitet dunyo reytingida (QS-2021) 110 -o‘rinni egallaydi.
Ushbu seminar Akademiya doktorantlari va xodimlari ilmiy-tadqiqot faoliyatining sifati va samaradorligini yaxshilash bo‘yicha yangi metodlarni o‘zlashtirish imkonini berdi.