Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ko‘magida “Yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolari: odil sudlov va yuridik yordam imkoniyatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiyasi o‘tkazildi.
Ilmiy tadqiqot konsorsiumi doirasida “Yosh olimlar minbari” rukni ostida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu anjuman onlayn va offlayn shaklda tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining xodimlari, doktorantlari, mustaqil izlanuvchilari va magistratura tinglovchilari bilan qatorda BMTning nogironlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi – Garvard yuridik maktabining katta ilmiy xodimi J.Lord, Shvetsiyaning Lund universiteti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi ilmiy xodimlari hamda IIV Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Sudyalar oliy maktabi, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirok etishdi.
Konferensiya davomida yuridik ilm-fanda etika qoidalarining o‘ziga xos xususiyatlari, yuridik yordamning huquqiy asoslari, nodavlat tashkilotlarining aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatishdagi imkoniyatlari, imkoniyati cheklangan shaxslar va ayollarning odil sudlovga erishish, ma’muriy sudlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning qonuniyligini tekshirish va prokuratura organlari tomonidan beg‘araz yuridik yordam ko‘rsatish kabi bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan konstruktiv bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Konferensiya yakunida aholining zaif qatlamlari huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish sohalarida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish, shuningdek yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolarini bartaraf etish bo‘yicha bir qator tavsiyalar ishlab chiqildi.
Konferensiya yakuni bo‘yicha har bir sho‘’ba mavzulariga oid ma’ruza tezislari va ilmiy maqolalar to‘plamini chop etish haqida qaror qabul qilindi.