Bosh prokuratura Akademiyasida YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda xorijiy ekspert I.Urumova ishtirokida “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” magistratura yo‘nalishi tinglovchilari uchun “Bola huquqlari” o‘quv kursi doirasida onlayn o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mazkur o‘quv kurs mashg‘ulotlari 7 hafta davomida o‘tkazilib, prokuratura faoliyati va idoralararo hamkorlik kontekstida bola huquqlarini himoya qilish va bola uchun odil sudlov xususiyatlarini o‘rgatishga yo‘naltirilgan.
Mashg‘ulotlar davomida bola huquqlari sohasidagi xalqaro huquqiy normalarning mazmun-mohiyati, bola huquqlarini himoya qilishning milliy va xalqaro tizimi, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning xususiyatlari, bolalar jabrlanuvchi sifatida ishtirok etgan jinoyatlar, shu jumladan bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar, bolalar mehnatidan foydalanish kabi huquqbuzarliklar tarkibi va ularning oldini olishdagi ayrim muammolar haqida ma’lumot berildi.
Mazkur o‘quv moduli tinglovchilarga bola huquqlari sohasidagi xalqaro tajriba bilan tanishish, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implimentatsiya qilish va bu boradagi mavjud muammolarni kompleks tahlil qilish imkonini beradi.