Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi bilan hamkorlikda “Mamlakatimizda migratsiya sohasidagi davlat boshqaruvining dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plami, “Migratsiya huquqiga kirish” nomli o‘quv qo‘llanma va “Migratsiya huquqi” nomli darslik nashrdan chiqdi.
Yu.f.f.d. (PhD), dotsent L.X.Isoqov muallifligida tayyorlangan mazkur o‘quv qo‘llanma va darsliklar O‘zbekistonda yangi shakllanayotgan migratsiya huquqiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda migratsiya huquqi tushunchasi va uning milliy huquqiy tizimda tutgan o‘rni, predmeti vazifasi va manbalari, migratsiya tasnifi va migrantlar toifalari, migratsiya sohasidagi davlat boshqaruvi organlarining huquq va vakolatlari, sub’ektlarning huquqiy holati kabi masalalar haqida so‘z boradi.
Shuningdek, ushbu o‘quv qo‘llanma va darslikqa O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya kodeksi va Migratsiya sohasidagi davlat siyosati konseptsiyasining loyihalari, migratsiya jarayonlarini huquqiy tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlardan ayrim namunalar, jumladan, BMTning “Barcha mehnatkash-migrantlar va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha” konvensiyasining o‘zbek tilidagi ilk tarjimasi hamda “Migratsiya huquqi” bo‘yicha namunaviy o‘quv dasturi ilova qilingan.
“Aholi migratsiyasida raqamli vizalar platformasini ishlab chiqish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida chop etilgan mazkur nashrlar yuridik oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari hamda yurisprudensiya sohasiga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun mo‘ljallangan.