O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi Bosh prokuraturaning Kadrlar boshqarmasi bilan hamkorlikda “Bo‘lajak prokurorlar klubi” faoliyatini tashkil etish hamda oliy yuridik ta’lim muassasalarining eng munosib bitiruvchilarini Akademiya magistraturasiga jalb etish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.
Joriy yilning 29-mart kuni Toshkent davlat yuridik universitetining katta majlislar zalida “Bo‘lajak prokurorlar klubi” a’zolari bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu klub tarkibini shakllantirish universitetning 2-4-kurs talabalari orasidan amalga oshiriladi. Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan tashkil etilgan tanlov natijalariga ko‘ra, klubga 143 nafar talaba qabul qilindi. Shu tariqa “Bo‘lajak prokurorlar klubi” ishtirokchilari soni 300 nafardan oshdi.
Yig‘ilishni universitet prorektori A.Hoshimxonov kirish so‘zi bilan ochib, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashda “Bo‘lajak prokurorlar klubi”ning ahamiyati haqida to‘xtaldi hamda klubga yangi qabul qilingan talabalarga muvaffaqiyatlar tiladi.
Kadrlar boshqarmasi prokurori O.Sultonov klubga a’zolik talabalarning prokuratura organlaridagi kelgusi faoliyatiga asos bo‘lib xizmat qilishini, iqtidorli va bilimli yoshlarni tizimga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Uchrashuvda talabalarning klub faoliyati, shuningdek Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibi va mazkur muassasada o‘qishning afzalliklariga oid savollariga javob qaytarildi.
Yig‘ilish yakunida “Bo‘lajak prokurorlar klubi” a’zolariga maxsus a’zolik beydjiklari topshirildi.