Bosh prokuratura Akademiyasida aralash ta’lim (3+1) shaklida tashkil etilgan “Jinoyat ishlari bo‘yicha sud muhokamasida prokurorning ishtiroki” mavzusidagi malaka oshirish kursining yakuniy bosqichi boshlandi.
Kursning masofaviy qismining oraliq nazorat va amaliy topshiriqlarini bajarish jarayonida o‘tish ballini to‘plagan tinglovchilar Akademiyada auditoriya mashg‘ulotlarida ishtirok etadilar.
Ta’limning bunday aralash shakli tinglovchilarga ish joyidan ajralmagan holda o‘qish, shuningdek masofaviy ta’lim jarayonida olingan bilim va ko‘nikmalarni Akademiyadagi auditoriya mashg‘ulotlari jarayonida mustahkamlash imkonini beradi.
O‘quv mashg‘ulotlari ta’limning interfaol usullaridan foydalangan holda muammoli-vaziyatli topshiriqlar va kazuslarni tahlil qilish, ularni hal etish bo‘yicha treninglar shaklida tashkil etiladi.
Bundan tashqari, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha laboratoriya ishlari doirasida tinglovchilarning dolzarb masala va muammolarni aniqlash va tahlil qilishga qaratilgan ko‘nikmalari o‘rganiladi hamda baholanadi.